Mazkur maqolada sport-sogʻlomlashtirish guruhlarida shugʻullanuvchi yosh badiiy gimnastikachilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlashda nazorat sinovlarining ilmiy-amaliy ahamiyati yoritilgan. Tadqiqotda 5–10 yoshli gimnastikachilarning tezlik, chaqqonlik, koordinatsiya, muvozanat va egiluvchanlik kabi asosiy jismoniy sifatlarini baholashga qaratilgan pedagogik testlash usullaridan foydalanilgan. Nazorat sinovlari sifatida 30 metrga yugurish, 3x10 metrga mokisimon yugurish, bir oyoqda muvozanat saqlash hamda tizzalarni bukmasdan oldinga egilish testlari qoʻllanilgan. Olingan natijalar yosh gimnastikachilarning jismoniy rivojlanish dinamikasini aniqlash, ularning kuchli va sust tomonlarini baholash, mashgʻulot jarayonini individuallashtirish hamda jismoniy yuklamalarni toʻgʻri rejalashtirishda nazorat sinovlarining muhim vosita ekanligini koʻrsatdi. Tadqiqot natijalari sport-sogʻlomlashtirish guruhlarida badiiy gimnastika mashgʻulotlari samaradorligini oshirish, nazorat-test tizimini takomillashtirish va yosh sportchilarni bosqichma-bosqich tayyorlash jarayonini ilmiy asosda tashkil etishga xizmat qiladi.