Mazkur maqolada stol tennisi bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning maxsus harakat tayyorgarligini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-pedagogik tadqiqot natijalari yoritilgan. Tadqiqot jarayonida yetakchi xorijiy terma jamoalar sportchilarining o‘yin faoliyati tahlil qilinib, zamonaviy stol tennisiga xos bo‘lgan yuqori tezlikdagi mokisimon harakatlarning ahamiyati asoslab berildi. O‘yin jarayonida bajariladigan harakatlarni obyektiv baholash hamda sportchilarning kardiorespirator imkoniyatlarini aniqlash maqsadida ishlab chiqilgan “Archasimon yugurish” (54 m) maxsus testining amaliy ahamiyati ko‘rsatib berildi. Tadqiqot natijalari mazkur test va unga asoslangan eksperimental mashqlar majmuasini mashg‘ulot jarayoniga joriy etish sportchilarning harakat tezligini, zarbalar aniqligini va umumiy jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qilishini tasdiqlaydi.