Mazkur maqolada xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qiluvchi davlatning xalqaro-huquqiy javobgarligi asoslari va chegaralari tadqiq etiladi. Tadqiqotning markaziy savoli sport tadbirini tayyorlash yoki o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy qarorlar, harakatlar yoxud harakatsizlik qaysi hollarda boshqaruv yoki shartnomaviy munosabatlar doirasidan chiqib, davlatning xalqaro-huquqiy javobgarligi sohasiga o‘tishini aniqlashdan iborat. Tadqiqot metodologiyasi Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan 2001-yilda ishlab chiqilgan “Davlatlarning xalqaro-huquqqa xilof qilmishlari uchun javobgarligi to‘g‘risida”gi moddalar loyihasini yuridik-dogmatik tahlil qilish, javobgarlikning ikkilamchi normalarini birlamchi xalqaro majburiyatlar bilan bog‘liq holda o‘rganishga qaratilgan tizimli yondashuv, shuningdek, ochiq rasmiy manbalar asosida III Osiyo yoshlar o‘yinlari 2025 yilgi musobaqalarining O‘zbekistondan Bahraynga ko‘chirilishi bo‘yicha cheklangan hujjatli keys-tahlildan iborat. Maqolada mezbonlikdan voz kechish, sport tadbirini boshqa davlatga ko‘chirish, uni keyinga qoldirish yoki infratuzilmaning yetarli darajada tayyor emasligi o‘z-o‘zidan xalqaro-huquqqa xilof qilmish hisoblanmasligi asoslab beriladi. Bunday javobgarlik yuzaga kelishi uchun tegishli xatti-harakat davlatga nisbat berilishi hamda muayyan xalqaro majburiyat buzilgan bo‘lishi zarur. Maqolada, shuningdek, Qatar, Braziliya va Fransiya tajribasidan qisqa misollar keltirilib, global amaliyotda mehnat, uy-joy, xavfsizlik hamda huquqiy himoya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga oid majburiyatlar qanday hollarda dolzarblashishi ko‘rsatib beriladi. Xalqaro sport tadbirlari uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan birlamchi majburiyatlar doirasi aniqlashtiriladi, xatti-harakatni davlatga nisbat berish, huquqiy xavf va daliliy baholash bo‘yicha matritsalar taklif etiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi uchun kelgusida mezbon davlat sifatida qo‘llash mumkin bo‘lgan komplayens modeli ishlab chiqiladi.