Maqolada XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasidagi an’anaviy milliy maktablar, madrasalar, qorixonalar, daloilxonalar va otinbibi maktablarining ta’lim-tarbiyaviy faoliyati tarixiy-pedagogik hamda manbashunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Birlamchi va ikkilamchi tarixiy manbalar, O‘zbekiston Milliy arxivi hujjatlari, davriy matbuot materiallari va zamondoshlar qaydlari asosida ta’lim muassasalarining tashkiliy tuzilishi, o‘qitish usullari, kundalik tartibi, moddiy ta’minoti, qizlar ta’limi, axloqiy tarbiya va savodxonlik masalalari yoritiladi. Mustamlaka va sho‘ro davri adabiyotlarida uchraydigan biryoqlama baholar manbalarning yaratilish sharoiti va maqsadini hisobga olgan holda tanqidiy ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda maktabdagi jismoniy tarbiya bilan xalq jismoniy madaniyati tushunchalari farqlanadi: an’anaviy musulmon maktablarida jismoniy tarbiya alohida o‘quv fani sifatida shakllanmagan bo‘lsa-da, kurash, uloq-ko‘pkari, poyga, chavandozlik, dorbozlik, akrobatik mashqlar, harakatli o‘yinlar hamda harbiy-amaliy mashqlar mahalliy jamiyat hayotida muhim o‘rin egallagan. Maqola milliy maktablar va xalq jismoniy madaniyatining tarixiy o‘rnini ularning ijtimoiy funksiyalari, hududiy xilma-xilligi va institutsional cheklovlarini birgalikda baholash asosida ochib beradi.