Jild 4 № 2 (2026): Sport ilm-fanining dolzarb muammolari

Jild 4 № 2 (2026): Sport ilm-fanining dolzarb muammolari
Nashr qilingan: 2026-06-27

To'liq son

Jismoniy tarbiya va sport muammolari

Sport akrobatikasida juftliklar tarkibini shakllantirishda antropometrik ko‘rsatkichlar va psixologik moslikning ahamiyati
Kamolaxon Raxmonova

Maqolada sport akrobatikasida juftliklar tarkibini shakllantirishda antropometrik ko‘rsatkichlar va psixologik moslikni kompleks hisobga olishning ilmiy-metodik asoslari tahlil qilindi. Konstatuvchi pedagogik tajriba doirasida 12–18 yoshdagi 60 nafar sportchi erkaklar, ayollar va aralash juftliklar hamda ulardagi yuqori va quyi funksional rollar bo‘yicha oltita kichik guruhga ajratildi (har bir guruhda n=10). Bo‘y uzunligi, tana vazni, qo‘l uzunligi, qo‘l uzunligining bo‘yga nisbati, yelka va tos kengligi bo‘yicha ko‘rsatkichlar M ± SD shaklida tavsifiy tahlil qilindi. Barcha uch turdagi juftliklarda quyi akrobatlarda mutlaq antropometrik o‘lchamlarning o‘rtacha qiymatlari yuqori akrobatlarga nisbatan katta ekani kuzatildi; ayni paytda, yosh va biologik yetilish omillari alohida nazorat qilinmagani sababli natijalar sababiy yoki statistik ustunlik sifatida talqin qilinmadi. Psixologik moslikning ahamiyati ilmiy adabiyotlar va pedagogik kuzatuvlar asosida nazariy jihatdan yoritildi. Natijada juftlikni shakllantirishda antropometrik profilni texnik-funksional tayyorgarlik, o‘zaro ishonch, hamkorlik va dinamik pedagogik monitoring bilan birgalikda baholashni nazarda tutuvchi integrativ yondashuv taklif etildi.

87-93 83 29
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi FIFA jahon chempionati guruh bosqichidagi texnik-taktik faoliyati tahlili
Asqar Talipdjanov, Bobirbek Neʼmatov

Maqolada 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining guruh bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasining Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi (Kongo DR) terma jamoalariga qarshi o‘tkazgan uchta uchrashuvidagi texnik-taktik faoliyati tahlil qilingan. Tadqiqotda pedagogik kuzatuv, musobaqa faoliyatini video-tahlil qilish, statistik va qiyosiy tahlil usullaridan foydalanilgan. Olingan natijalar O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa davomida asosan raqiblarning texnik-taktik ustunligi sharoitida himoyadan hujumga tezkor o‘tish, vertikal uzatmalar va qarshi hujumlarga tayanganini ko‘rsatadi. Tahlil natijalari jamoaning texnik-taktik tayyorgarligini takomillashtirishda o‘yin ko‘rsatkichlarini tizimli nazorat qilish va musobaqa faoliyatini kompleks tahlil etish muhimligini asoslaydi.

115-119 85 41
Voleybolchilarning kombinatsion hujum harakatlarida yugurib kelish fazasini raqamli baholash va takomillashtirish
Shaakrom Isroilov, Muxammad Xaydarov, Shoolim Isroilov

Mazkur maqolada voleybolchilarning kombinatsion hujumlarida yugurib kelish fazasini miqdoriy baholash va uni takomillashtirish imkoniyatlari EXM dasturi yordamida o‘rganildi. Dastur ikki o‘yinchining yugurib kelish yo‘nalishlari o‘rtasidagi burchak qiymatini hisoblash hamda mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha hujum harakatini differensial baholash uchun qo‘llanildi. Statistik kuzatuv birligi sifatida alohida kombinatsion hujum epizodi qabul qilindi: tadqiqotning har bir bosqichida nazorat va tajriba guruhlaridan 10 tadan hujum epizodi tahlil qilindi. Dastlabki o‘lchashda o‘rtacha burchak nazorat guruhida 155,0±1,36°, tajriba guruhida 156,0±1,22° bo‘lib, epizodlar darajasidagi guruhlararo farq statistik ahamiyatli emas edi (t = 0,55; p = 0,591). Tajriba yakunida ko‘rsatkich nazorat guruhida 151,4±1,44° gacha, tajriba guruhida esa 137,3±1,37° gacha kamaydi; yakuniy bosqichda epizodlar darajasidagi guruhlararo farq statistik ahamiyatli bo‘ldi (t = 7,08; p < 0,001). Hujum samaradorligi indeksi nazorat guruhida 55 % dan 60 % gacha, tajriba guruhida 50 % dan 80 % gacha oshdi.

99-105 93 47
11–14 yoshli bokschi qizlarda tezkor-kuch tayyorgarligini individuallashtirishning ilmiy-metodik asoslari
Shoxjaxon Xasanov

Maqolada 11–14 yoshli bokschi qizlarda tezkor-kuch tayyorgarligini individuallashtirishning ilmiy-metodik asoslari nazariy tahlil qilindi. Individuallashtirishning kalendar yoshdan ko‘ra biologik yetilish, texnik tayyorgarlik darajasi, morfofunksional holat, nerv-mushak safarbarligi va yuklamaga individual javob bilan bog‘liqligi asoslandi. Ilmiy adabiyotlarni tizimli-qiyosiy tahlil qilish asosida sportchini tayyorlik profili bo‘yicha baholashga tayanuvchi konseptual metodik model ishlab chiqildi. Modelda biologik yetilish va boshlang‘ich diagnostika, tayyorlik profilini aniqlash, mos mashq vositalarini tanlash, joriy monitoring va yuklamani tuzatish o‘zaro bog‘langan bosqichlar sifatida ko‘rsatiladi. Taklif etilgan modelning asosiy xususiyati 11–14 yosh oralig‘idagi sportchilarni faqat pasport yoshiga ko‘ra guruhlashdan voz kechib, mashg‘ulot mazmunini biologik va texnik tayyorlikka moslashtirishdan iborat.

73-78 107 35
Maktab sharoitida 13–14 yoshli voleybolchi qizlarning jismoniy va texnik tayyorgarlik ko‘rsatkichlari dinamikasi
Sevara Ashurova

Mazkur maqolada maktab sharoitida voleybol bilan shug‘ullanuvchi 13–14 yoshli qizlarning jismoniy va texnik tayyorgarlik ko‘rsatkichlari pedagogik tajriba jarayonida qiyosiy baholandi. Tadqiqot Samarqand tumani 10- va 16-maktablarida 24 nafar 13–14 yoshli voleybolchi qiz ishtirokida tashkil etilgan. Ishtirokchilar nazorat va tajriba guruhlariga ajratilgan: nazorat guruhi odatdagi mashg‘ulotlar asosida, tajriba guruhi esa yosh xususiyatlariga mos maxsus jismoniy mashqlar bilan boyitilgan dastur asosida shug‘ullangan. Pedagogik tajriba manbada 8–12 haftalik davr sifatida ko‘rsatilgan. Jismoniy va texnik tayyorgarlikni baholashda 20 metrga yugurish, 4×10 metr mokisimon yugurish, joyidan yuqoriga sakrash, 30 soniyada o‘tirib-turish va voleybol to‘pini aniq uzatish testlaridan foydalanilgan. Natijalarning tavsifiy tahlili har ikki guruhda ijobiy dinamika mavjudligini ko‘rsatdi. 20 metrga yugurish, 4×10 metr mokisimon yugurish, joyidan yuqoriga sakrash va 30 soniyada o‘tirib-turish testlarida mutlaq o‘zgarishlar guruhlar o‘rtasida katta farq qilmagan. Eng aniq guruhlararo tafovut voleybol to‘pini aniq uzatish testida kuzatilib, tajriba guruhida natija 62 % dan 76 % gacha (+14 foiz punkt; +22,6 %), nazorat guruhida esa 59 % dan 66 % gacha (+7 foiz punkt; +11,9 %) yaxshilangan. Olingan natijalar tajriba guruhida maxsus texnik tayyorgarlik ko‘rsatkichining nisbatan yuqoriroq dinamikasini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, individual natijalar, variativlik ko‘rsatkichlari va inferensial statistik mezonlar keltirilmagani metodikaning ustun samaradorligi haqida qat’iy statistik xulosa chiqarish imkonini cheklaydi.

13-25 100 54

Jismoniy tarbiya va sport sotsiologiyasi

Yoshlar hayot sifatini oshirishda sport institutining sotsiologik tahlili
Xasan Akramov

Maqolada yoshlar hayot sifatini oshirishda muhim o‘rin tutuvchi zamonaviy ijtimoiy institutlardan biri sifatida sport tahlil qilinadi. Sportning semantik xususiyatlari hamda uning ijtimoiy fenomen sifatidagi mazmuni yoritiladi. Sport instituti sotsial tizimlar nazariyasi, fenomenologiya nazariyasi, strukturatsiya nazariyasi va sotsial mobillik nazariyasi doirasida ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Mazkur nazariy yondashuvlar sport instituti negizida ko‘rib chiqilib, sport tizimi kontekstida o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. Maqolada sportning mazmunli va konseptual modeli taklif etilib, uning tarkibida mantiqiy-semantik, strukturaviy-funksional hamda sababiy-oqibat munosabatlari modellari ajratib ko‘rsatiladi. Ushbu yondashuvlar asosida sportning yoshlar hayot faoliyatiga endogen va ekzogen ta’sirini ifodalovchi ijtimoiy model shakllantiriladi hamda uning sxematik ko‘rinishi keltiriladi.

164-172 82 30

Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarining tibbiy-biologik jihatlari

Kurashchilarda mushak toliqishidan so‘ng qayta tiklanishning fiziologik mexanizmlari va ilmiy asoslangan strategiyalari
Baxtiyor Nurbayev

Maqolada kurashchilarda yuqori intensivlikdagi interval, izometrik va ekssentrik yuklamalardan so‘ng rivojlanadigan mushak toliqishi hamda qayta tiklanish jarayonlarining fiziologik mexanizmlari nazariy-tahliliy nuqtai nazardan yoritilgan. Energetik substratlar tiklanishi, laktat almashinuvi, mashqdan keyingi mushak shikastlanishi markerlari, vegetativ regulyatsiya va uyquning ahamiyati tahlil qilingan. Shuningdek, aktiv qayta tiklanish, sovuq suvli immersiya, massaj, pnevmatik kompressiya, ovqatlanish, gidratatsiya va kreatin qo‘llashga oid zamonaviy dalillar tizimlashtirilgan. Tiklanish vositalarining samarasi yuklama turi, musobaqalar orasidagi vaqt va sportchining individual javobiga bog‘liq ekani asoslangan.

157-163 93 30
Yosh futbolchilarda yurakning elektr va strukturaviy remodellanishi: EKG protokolidagi LVH qaydi va exokardiografik LVMI o‘rtasidagi munosabat
Nasiba Alimova

Maqsad – yosh erkak futbolchilarda yurakning elektr va strukturaviy remodellanish xususiyatlarini baholash hamda elektrokardiogramma (EKG) protokolida chap qorincha gipertrofiyasi (LVH) sifatida qayd etilgan belgi bilan exokardiografik chap qorincha miokard massasi indeksi (LVMI) o‘rtasidagi munosabatni aniqlash. Retrospektiv kesimiy tahlilga 2026-yil mart–iyun oylarida sport-tibbiy ko‘rikdan o‘tgan 23 nafar erkak futbolchining ma’lumotlari kiritildi. Exokardiografik ma’lumotlar barcha 23 sportchida, birlamchi EKG 22 sportchida mavjud edi. EKG protokolida LVH qaydi mavjud va mavjud bo‘lmagan guruhlar Mann–Whitney U-testi bilan taqqoslandi, morfofunksional ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi bog‘lanish Spearman rang korrelyatsiyasi yordamida baholandi. EKGda sinus bradikardiyasi/bradiaritmiyasi 18/22 (81,8%), LVH qaydi 16/22 (72,7%) holatda uchradi. Umumiy guruhda LVMI 88,70±9,46 g/m², chiqarish fraksiyasi 61,22±2,95% ni tashkil etdi. EKG-LVH qaydi mavjud guruhda LVMI 90,63±9,67 g/m², qayd mavjud bo‘lmagan guruhda 85,00±8,32 g/m² bo‘lib, farq statistik ahamiyatli emas edi (U=60,0; p=0,396). Chap qorincha miokard massasi (LVM) bilan oxirgi diastolik hajm (EDV) (ρ=0,597; p=0,003) va zarb hajmi (SV) (ρ=0,515; p=0,012) o‘rtasida musbat bog‘lanish aniqlandi. Natijalar EKG protokolida LVH sifatida qayd etilgan elektr fenotipni anatomik gipertrofiyaning bevosita ekvivalenti sifatida talqin qilmaslik va yosh futbolchilarda EKG hamda exokardiografik ma’lumotlarni integrativ baholash zarurligini ko‘rsatadi.

79-86 87 27

Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarining psixologik va pedagogik jihatlari

Yuqori malakali yakkakurashchilarda musobaqaoldi jadal vazn yo‘qotishning funksional va psixofiziologik holatga ta’siri
Nafisa Ravshanova

Maqolada yuqori malakali yakkakurashchilarda musobaqaoldi jadal vazn yo‘qotish (Rapid Weight Loss — RWL) jarayonining ayrim funksional va psixofiziologik ko‘rsatkichlarga ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotda sport ustaligiga nomzod va sport ustasi malakasiga ega 20 nafar sportchi ishtirok etgan. Yetti kunlik vazn kamaytirish davrida tana vazni va umumiy tana suvi kamaygan, tinch holatdagi yurak qisqarish chastotasi oshgan, oddiy hamda murakkab sensorimotor reaksiya vaqti uzaygan va ruhiy charchoq ko‘rsatkichi ortgan. Tana vazni 6,4% ga, umumiy tana suvi 8,5% ga kamaygan; tinch holatdagi yurak qisqarish chastotasi 15,1% ga oshgan. Oddiy va murakkab sensorimotor reaksiya vaqti mos ravishda 16,6% va 16,1% ga uzaygan, ruhiy charchoq ko‘rsatkichi esa 83,8% ga ortgan. Natijalar musobaqaoldi vazn boshqaruvini individual rejalashtirish, gidratatsiya holatini nazorat qilish va tiklanish jarayonini funksional hamda psixofiziologik monitoring bilan birlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

150-156 96 40
M. Lyusherning ranglar testi asosida sportchilarning musobaqaoldi psixoemotsional holatini baholash
Sobir Nazarov

Mazkur maqolada turli sport turlari bilan shug‘ullanuvchi 147 nafar sportchining musobaqaoldi psixoemotsional holatini M. Lyusherning ranglar testi asosida ekspress-baholash natijalari tahlil qilindi. Tadqiqotda ranglarning birinchi tanlovdagi taqsimoti hamda psixologik ko‘rsatkichlar bilan sport natijadorligi o‘rtasidagi korrelyatsion bog‘liqliklar ko‘rib chiqildi. Qizil, ko‘k, yashil va sariq ranglarning umumiy ulushi 82,9 % ni tashkil etdi. Lyusher testi bo‘yicha ilmiy adabiyotlarda uning ishonchliligi va validligi yuzasidan qarama-qarshi dalillar mavjudligi hisobga olinib, metodikani mustaqil diagnostik vosita emas, balki qo‘shimcha ekspress-skrining usuli sifatida ehtiyotkorlik bilan qo‘llash maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

94-98 90 30
Murakkab koordinatsion sport turlarida sportchilarning fazoviy-vaqt harakat qobiliyatlarini rivojlantirishning nazariy asoslari
Zaxid Gapparov, Jamshid Pulatov

Mazkur maqolada murakkab koordinatsion sport turlarida sportchilarning fazoviy-vaqt harakat qobiliyatlarini rivojlantirish, mashg‘ulot jarayonida ixtisoslashtirilgan idroklarni shakllantirish hamda ularning texnik-taktik faoliyatdagi ahamiyati nazariy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi ilmiy adabiyotlarni o‘rganish asosida murakkab koordinatsion sport turlarida fazoviy-vaqt munosabatlarini idrok etishning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, «masofa hissi» kabi ixtisoslashtirilgan idroklarning shakllanish mexanizmlarini umumlashtirish hamda ularni rivojlantirishning mashg‘ulot jarayonidagi asosiy yo‘nalishlarini belgilashdan iborat. Tadqiqotda ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish, taqqoslash, umumlashtirish va mantiqiy tahlil metodlaridan foydalanildi. Nazariy tahlil natijalariga ko‘ra, sportchining masofa, vaqt, harakat tezligi va yo‘nalishini aniq idrok etishi murakkab koordinatsion faoliyatni samarali tashkil etishning muhim shartlaridan biridir. Qilichbozlik va boks misolida «masofa hissi» ko‘rish, kinestetik va motor axborot, sportchining harakat tajribasi hamda texnik-taktik tayyorgarligining o‘zaro ta’siri natijasida shakllanadigan murakkab ixtisoslashtirilgan idrok sifatida tavsiflangan. Fazoviy-vaqt qobiliyatlarini rivojlantirishda turli masofalarda bajariladigan mashqlar, manyovr qilish, o‘zgaruvchan vaziyatlarda harakatlarni tanlash, shuningdek, nazorat va o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalaridan foydalanish muhimligi asoslangan.

61-67 77 34
Ayol jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatida gender omillari va psixologik moslashuv: nazariy-tahliliy yondashuv
Jamshid Pulatov, Gulnara Usmanova

Maqolada ayol jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatida gender omillari va psixologik moslashuv masalalari nazariy-tahliliy yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi. Genderning kasbiy faoliyatga ta’siri biologik jihatdan qat’iy belgilangan xususiyat sifatida emas, balki ijtimoiy rollar, kasbiy muhit, shaxsiy resurslar va mehnat sharoitlari bilan o‘zaro ta’sir qiluvchi omil sifatida talqin etiladi. Psixologik moslashuv kasbiy talablar, shaxsiy resurslar va ijtimoiy muhit o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qaratilgan dinamik jarayon sifatida yoritiladi. Nazariy tahlil, qiyosiy tahlil, tizimlashtirish, umumlashtirish va konseptual modellashtirish usullari asosida ayol jismoniy tarbiya o‘qituvchisining zaruriy kasbiy sifatlari to‘rt blokka — shaxsiy-psixologik, kasbiy-predmet, kommunikativ-tashkilotchilik hamda gnostik-kreativ kompetensiyalarga ajratilgan konseptual model taklif etiladi. Model empirik jihatdan tekshirilgan natija sifatida emas, keyingi tadqiqotlarda sinovdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan nazariy konstruksiya sifatida taqdim etiladi.

55-60 94 34

Yosh tadqiqotchilarga so‘z

Barqaror shaharsozlik tamoyillari asosida sport infratuzilmasini rivojlantirish: O‘zbekiston shaharlari uchun nazariy-metodologik yondashuvlar
Mohiniso Arziboyeva, Mehriniso Arziboyeva

Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston shaharlarida sport infratuzilmasini barqaror rivojlanish tamoyillari asosida shakllantirishga doir nazariy va amaliy shaharsozlik yondashuvlarini tizimlashtirishdan iborat. Metodologik asos sifatida tizimli, funksional-hududiy va qiyosiy tahlil usullari, ilmiy adabiyotlar, amaldagi normativ-huquqiy hamda shaharsozlik hujjatlari va xalqaro tajriba materiallari o‘rganildi. Sport infratuzilmasining jamoat transporti, piyoda va velosiped tarmoqlari, yashil hududlar, jamoat makonlari hamda mahalla muhiti bilan funksional aloqalari tahlil qilindi. Alohida joylashtirilgan sport obyekti modeli va klaster modeli qiyoslandi, transport, ekologik, ijtimoiy va funksional integratsiya mezonlari shakllantirildi. «Shahar — tuman — mahalla» uch bosqichli tizimi hamda sport infratuzilmasini barqaror rivojlantirishning integral modeli taklif etildi. Natijalar sport obyektlarining shaharsozlik samaradorligi nafaqat ularning soni va texnik ko‘rsatkichlariga, balki hududiy qulayligi, ko‘p funksiyaliligi va kundalik shahar hayotiga integratsiyalashuviga ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston olimlarining yoshlar ma’naviy tarbiyasi va ma’naviy madaniyatini shakllantirishga doir pedagogik qarashlari: qiyosiy tahlil
Ajiniyaz Xojametov

Maqolada O‘zbekiston olimlarining yoshlar ma’naviy tarbiyasi va ma’naviy madaniyatini shakllantirishga doir pedagogik qarashlari qiyosiy-kontent tahlil asosida o‘rganiladi. O. Musurmonova, M. Quronov hamda D. Kaipbergenova va N.S. Jumaniyozovaning ishlari tayanch tushuncha, pedagogik vazifa, ta’sir mexanizmi va kutiladigan natija mezonlari bo‘yicha taqqoslandi. Natijada uchta o‘zaro bog‘liq yo‘nalish – qadriyatga yo‘naltirilganlik, mafkuraviy barqarorlik va axloqiy dunyoqarash – ajratildi. Muhokamada mazkur yo‘nalishlarning integrativ bog‘liqligi asoslanib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni bosqichma-bosqich tashkil etishga xizmat qiluvchi uch komponentli pedagogik model taklif etildi. Tadqiqotning nazariy xususiyati va modelning empirik sinovdan o‘tkazilmaganligi uning asosiy cheklovi sifatida qayd etiladi.

68-72 95 25

Jismoniy tarbiya va sport tarixi

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston milliy maktablarida ta’lim va jismoniy tarbiya: tarixiy-pedagogik tahlil
Abduraxim Xasanov, Feruza Yusupxanova

Maqolada XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasidagi an’anaviy milliy maktablar, madrasalar, qorixonalar, daloilxonalar va otinbibi maktablarining ta’lim-tarbiyaviy faoliyati tarixiy-pedagogik hamda manbashunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Birlamchi va ikkilamchi tarixiy manbalar, O‘zbekiston Milliy arxivi hujjatlari, davriy matbuot materiallari va zamondoshlar qaydlari asosida ta’lim muassasalarining tashkiliy tuzilishi, o‘qitish usullari, kundalik tartibi, moddiy ta’minoti, qizlar ta’limi, axloqiy tarbiya va savodxonlik masalalari yoritiladi. Mustamlaka va sho‘ro davri adabiyotlarida uchraydigan biryoqlama baholar manbalarning yaratilish sharoiti va maqsadini hisobga olgan holda tanqidiy ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda maktabdagi jismoniy tarbiya bilan xalq jismoniy madaniyati tushunchalari farqlanadi: an’anaviy musulmon maktablarida jismoniy tarbiya alohida o‘quv fani sifatida shakllanmagan bo‘lsa-da, kurash, uloq-ko‘pkari, poyga, chavandozlik, dorbozlik, akrobatik mashqlar, harakatli o‘yinlar hamda harbiy-amaliy mashqlar mahalliy jamiyat hayotida muhim o‘rin egallagan. Maqola milliy maktablar va xalq jismoniy madaniyatining tarixiy o‘rnini ularning ijtimoiy funksiyalari, hududiy xilma-xilligi va institutsional cheklovlarini birgalikda baholash asosida ochib beradi.

120-134 100 27

Sport huquqi

“Malaka oshirish tizimida modernizatsiya” (Sport trenerlari malakasini oshirishning normativ-huquqiy asoslari)
Asqar Amanov, Akrom Akmalov

Maqolaning maqsadi O‘zbekistonda trenerlarning kasbiy rivojlanishi va malakasini oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy mexanizmlarni, xususan 2026-yilda qabul qilingan yangi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun hamda uning ijrosini ta’minlashga qaratilgan idoraviy hujjatlarni tizimli tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda normativ-huquqiy, qiyosiy-huquqiy, tizimli va kontent-tahlil usullaridan foydalanildi. Tahlil natijasida trenerning kasbiy maqomi, malaka sertifikatiga ega bo‘lish talabi, kasbiy malakani uzluksiz oshirib borish majburiyati, trenerlik faoliyatining xavfsizlik, sanitariya-gigiyena talablari va xalqaro sport qoidalari bilan bog‘liqligi o‘zaro uzviy huquqiy mexanizm sifatida namoyon bo‘lishi aniqlandi. Shuningdek, amaldagi malaka oshirish tizimini faqat davriy kurs modeli bilan cheklamasdan, formal, noformal va ish joyidagi o‘rganishni uyg‘unlashtiruvchi uzluksiz kasbiy rivojlanish modeli asosida takomillashtirish zarurligi asoslandi. Maqolada trenerlar malakasini oshirish dasturlariga huquqiy savodxonlik, sport xavfsizligi, pedagogika va psixologiya, sport tibbiyoti, xalqaro federatsiyalar qoidalari, reflektiv amaliyot va mentorlik komponentlarini tizimli kiritish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

106-114 91 23

Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi

Futbolchilarning texnik-taktik tayyorgarligini oshirish uchun qo‘llaniladigan mashqlar kompleksi
Ravshan Irmatov

Mazkur maqolada zamonaviy futbolda futbolchilarnig texnik-taktik tayyorgarligini o‘yinchilarni yuksak darajadagi tezkor texnik-taktik harakatlari, o‘yin maromi va sur’atini boshqara bilish, hujumkorlik bugungi kunda o‘yinchilarning alohida qatorlari orasidagi tafovutni yo‘qotish, o‘yinchilarni o‘zaro almashib o‘ynashga, ya’ni ularning tayyorgarligini universallashtirishga imkon beradigan individual va texnik xislatlari yoritilgan.

6-12 190 42
Bokschi qizlarning maxsus jismoniy tayyorgarligini kompleks tayyorgarlikning ilmiy-pedagogik tamoyillari asosida takomillashtirish
Ziyodullo Xadiyatullayev

Ushbu maqolada O‘zbekiston milliy boks terma jamoasi tarkibiga tayyorlanayotgan ayol bokschilarning maxsus jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqot 12 nafar ayol bokschi ishtirokida o‘tkazilgan pedagogik tajribaga hamda tajriba mashg‘ulotlari davridan oldin va keyin amalga oshirilgan signal bo‘yicha zarba berish testiga asoslangan. Sportchilarning individual xususiyatlari, funksional holati, musobaqa talablari, shuningdek, umumiy va maxsus tayyorgarlik vositalaridan tabaqalashtirilgan holda foydalanishni hisobga olgan maxsus mashg‘ulot rejasi ishlab chiqilgan. Baholash jarayonida PDLT, PDHT va APD ko‘rsatkichlari, shuningdek, kuch, tezkorlik, chaqqonlik, egiluvchanlik, chidamlilik va koordinatsion qobiliyatlarning rivojlanish darajasi tahlil qilindi. Mashg‘ulotlar mazmuniga umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik, texnik-taktik mashqlar, koordinatsion mashqlar, o‘yin usulidagi mashg‘ulotlar, nazorat testlari hamda tiklanish tadbirlari kiritildi. Tajriba oldidan va undan keyin olingan natijalarni tavsifiy taqqoslash ijobiy dinamikani ko‘rsatdi: PDLTning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67,26 dan 56,07 gacha kamaydi, PDHTning o‘rtacha ko‘rsatkichi 184,53 dan 239,93 gacha, APDning o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 77,08 foizdan 87,22 foizgacha oshdi. Tajribadan so‘ng yetti nafar sportchi zarba aniqligi bo‘yicha 90,00 foizlik natijaga erishdi. Olingan natijalar tizimli ravishda tashkil etilgan va individual yondashuvga asoslangan mashg‘ulot jarayoni yuqori malakali ayol bokschilarning maxsus jismoniy tayyorgarligini yaxshilashi hamda ularni musobaqalarga yanada maqsadli tayyorlashga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

47-54 92 34

Bolalar va talaba-yoshlarning jismoniy tarbiyasi

Umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida kurash vositalaridan foydalanish samaradorligini oshirishda milliy harakatli o‘yinlarning o‘rni
Abdirahmon Beknazarov

Ushbu maqolada umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida kurash vositalaridan samarali foydalanishda milliy harakatli o‘yinlarning pedagogik va metodik ahamiyati yoritilgan. Kurash elementlariga ega harakatli o‘yinlarning o‘quvchilarda kuch, chaqqonlik, tezkorlik, chidamlilik, egiluvchanlik, muvozanat va harakat koordinatsiyasi kabi jismoniy sifatlarni rivojlantirishdagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqotda ilmiy-uslubiy adabiyotlarni tahlil qilish, pedagogik kuzatuv, pedagogik tajriba hamda matematik-statistik tahlilning foizli hisoblash usulidan foydalanilgan. Shuningdek, kurashga tayyorgarlik jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan 13 ta milliy va maxsus harakatli o‘yinning mazmuni, qoidalari hamda metodik yo‘nalishi tizimlashtirilgan. Tajriba-sinov natijalari o‘quvchilarning o‘yinlarga qiziqishi, jismoniy sifatlarining rivojlanishi va dars jarayonida bunday o‘yinlardan foydalanish ko‘rsatkichlarida ijobiy dinamikani ko‘rsatgan.

36-46 86 27

Jismoniy tarbiya va sport sohasida Menejment

Favqulodda vaziyatlarda o‘quvchilar harakatini tashkil etish va sport tadbirlarida xavfsizlikni boshqarish mexanizmlari
Akrom Axmedov

Tadqiqotning maqsadi favqulodda vaziyatlarda o‘quvchi-sportchilar harakatini tashkil etish va sport tadbirlarida xavfsizlikni boshqarish mexanizmlarini normativ-analitik hamda uslubiy jihatdan asoslashdan iborat. Materiallar bazasini O‘zbekistonning 12 ta normativ va rasmiy hujjati, uchta xalqaro metodologik manba hamda 2021–2025-yillarda chop etilgan beshta ilmiy manba tashkil etdi. Normativ-huquqiy kontent-tahlil, tizimli tahlil, sabab-oqibat tahlili, xavflarni identifikatsiya qilish va 5×5 ishchi risk matritsasi qo‘llanildi. Natijada xavfsizlikning besh darajali huquqiy arxitekturasi, “aniqlash–baholash–profilaktika–tayyorgarlik–javob–tiklanish” boshqaruv sikli hamda hodisa paytidagi “aniqlash–to‘xtatish–ogohlantirish–cheklash–yordam–evakuatsiya–hisob–tahlil” tezkor algoritmi taklif etildi. O‘RQ–790-son Qonundagi tabiiy va texnogen tasnif bilan 455-son qaror va xavfsizlik pasporti tartibidagi ekologik toifa o‘rtasidagi normativ farq aniqlashtirildi. Xavfsizlik rejasining samaradorligi uni joy va sport turiga moslashtirish, rollarni aniq taqsimlash, amaliy mashqlarda sinash va hodisadan keyingi tahlil bilan bog‘liq ekanligi asoslandi.

26-35 77 31