Ushbu maqolada Toshkent vohasidagi oʻzbek-qozoq etnomadaniy aloqalarining milliy xalq oʻyinlari va anʼanaviy musobaqalar orqali namoyon boʻlishi tarixiy-etnografik va qiyosiy-madaniy yondashuv asosida tahlil qilinadi. Xalq oʻyinlari mazkur hududda faqat koʻngilochar mashgʻulot yoki jismoniy faollik shakli sifatida emas, balki etnik xotira, jamoaviy qadriyatlar, yoshlar tarbiyasi, marosimiy muloqot va madaniyatlararo yaqinlashuvni taʼminlovchi muhim ijtimoiy-madaniy institut sifatida talqin etiladi. Maqolada oʻzbek xalq oʻyinlari va qozoq milliy oʻyinlari oʻrtasidagi umumturkiy asoslar, etnik va interetnik xususiyatlar, oʻtroq hamda koʻchmanchi-yarim koʻchmanchi turmush tarzining oʻyin madaniyatiga taʼsiri qiyosiy tahlil qilinadi. Koʻpkari, koʻkpar, qiz quvish, audarispaq, tenge ilu, altibaqan, asiq atu, beyge va boshqa anʼanaviy oʻyinlar misolida Toshkent vohasida oʻzbek va qozoq aholisi oʻrtasidagi madaniy almashinuv, ijtimoiy ishonch, qoʻshnichilik munosabatlari va jamoaviy hamjihatlik mexanizmlari yoritiladi. Shuningdek, maqolada XX asrda xalq oʻyinlarining sportlashuvi, ularning rasmiy sport tizimi va etnosport siyosati doirasida qayta talqin qilinishi masalalariga ham eʼtibor qaratiladi.