Mazkur maqolada 15-16 yoshli qisqa masofaga yuguruvchi yengil atletikachilarda kuch sifatini ogʻir atletika mashqlari orqali rivojlantirishning nazariy, metodik va amaliy asoslari yoritilgan. Tadqiqotda 24 nafar oʻquvchi-sportchi ishtirok etib, ular nazorat va tajriba guruhlariga ajratilgan. Tajriba guruhida anʼanaviy mashgʻulotlar bilan bir qatorda shtanga bilan bajariladigan maxsus kuch mashqlari qoʻllanilgan. Olingan natijalar 30 m va 60 m yugurish, joydan uzunlikka sakrash, joydan uch xatlab sakrash hamda shtanga bilan oʻtirib turish testlari asosida tahlil qilindi. Tajriba guruhida oʻsish surʼatlari nazorat guruhiga nisbatan yuqori boʻlib, ayniqsa, shtanga bilan oʻtirib turish va joydan uch xatlab sakrash natijalarida sezilarli farq kuzatildi.